Asosiy kontentga o'tish
Ijrochi direktor murojaati

Ayol sudyalar assotsiatsiyasi — islohotlar samarasi

Gulnora Axunova
Gulnora Axunova
Gulnora Axunova, ijrochi direktor

Mamlakatimiz tarixida ilk bor O'zbekiston ayol sudyalarning assotsiatsiyasi tashkil etilishi davlatimiz tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga, gender tenglikka erishish masalalariga alohida e'tibor qaratilayotganlikning hosilalaridan biridir. Chunki bugungi kunda jamiyatning biror-bir jabhasini xotin-qizlarsiz tasavvur qilish qiyin. Odil sudlovni amalga oshirishda ham ayol sudyalarning hissasini inkor qilib bo'lmaydi.

O'zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasi tashkil etilganiga ko'p vaqt o'tmagan bo'lsada, uning a'zolari faolligi kundan-kunga o'sib bormoqda. Bu borada mamlakatimizning xotin-qizlari va balog'atga yetmaganlar davlat va sud himoyasida bo'lishi zarur ekanligini yodda tutib, ayol sudyalar mahallalarda, o'quv muassasalari, korxona va tashkilotlarda ochiq muloqot, keng qamrovli uchrashuvlar o'tkazmoqda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 martdagi "Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarining oldini olish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to'g'risida"gi PF–33-son Farmoni mohiyatini tushuntirmoqda.

Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, huquqlarini ro'yobga chiqarishga qiynalayotgan qatlam vakillari o'z manfaatlarini sud tartibida himoya qilishga erishishlari uchun tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Sud tizimida ayol sudyalarning sonini ko'paytirish, gender tenglikka yaqinlashish uchun bo'lajak huquqshunos qizlar o'rtasida sudyalik kasbini egallash juda yuksak sharaf va imkoniyat ekanligini ham Assotsiatsiya a'zolari targ'ib qilmoqda. Turli sohalarda mehnat qilayotgan halol, iqtidorli va faol huquqshunos ayollar ro'yxatini shakllantirish orqali ularni sudyalikka nomzodlar zahirasiga olish to'g'risida takliflar qiritishni maqsad qilganmiz.

Ma'lumki, respublikaning turli hududlarida yashovchi, oilasi va farzandlari bor, ayrim yosh huquqshunos ayollar sudya bo'lishni orzu qilsalar-da, Toshkent shahridagi Odil sudlov akademiyasiga kelib 6 oy tahsil olishi muammoli. Bunday ayollarimiz uchun Akademiyada masofaviy onlayn kasbiy qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish haqida Odil sudlov akademiyasiga taklif kiritmoqchimiz.

Sudyalik lavozimiga yangi tayinlanganlarga kasbiy ko'nikmalarning shakllanishi, sudyalik odob-ahloq qoidalari singdirilishida ko'maklashib, bu borada yosh ayol sudyalarga tajribali ustozlarni biriktirish, o'quv mashg'ulotlari, seminar va konferensiyalar o'tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Ayol sudyalar ish faoliyati va hayotida duch kelishi mumkin bo'lgan professional va ijtimoiy muammolarni, stressli holatlarni yengishi, ish va shaxsiy hayoti o'rtasidagi muvozanatni saqlashi uchun ham Assotsiatsiyamiz, albatta, psixologik va boshqa zarur yordam ko'rsatadi.

"Sud tizimida ayollar hissasini oshirish nafaqat xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda, balki mamlakatimizda qonun ustuvorligini mustahkamlashda va huquqiy davlat qurishda juda katta ahamiyatga ega."

O'zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasi boshqa mamlakatlardagi ayol sudyalarning ilg'or tajribasini ham o'rganib, halqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda. 2026 yil 24 aprel kuni Xalqaro ayol sudyalari assotsiatsiyasi tomonidan sud tizimida gender tenglikka erishish mavzusida onlayn videoaloqa orqali tashkil etilgan Konferensiyada ishtirok etib, O'zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasi tashkil etilganligini va uning faoliyati yo'nalishlarini jahonning boshqa ko'plab mamlakatlardagi ayol sudyalar assotsiatsiyalariga tanitdik.

Assotsiatsiyaning oldiga qo'yilgan vazifalar, albatta, barcha ayol sudyalarimizning faol ishtiroki bilan amalga oshirilmoqda. Bu o'rinda yodimizda tutish zarurki, sud tizimida ayollar hissasini oshirish nafaqat xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda, balki mamlakatimizda qonun ustuvorligini mustahkamlashda va huquqiy davlat qurishda juda katta ahamiyatga ega.

Gulnora Axunova

O'zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasining ijrochi direktori